“Farg‘onaazot” AJ ning 2021-yil 17-iyundagi 922-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” talablari asosida korrupsion omillarni oldini olish va bartaraf etish maqsadida jamiyat boshqaruv a’zolari hamda xizmat vazifasiga ko‘ra korrupsion xavf-xatarlar ehtimoli yuqori bo‘lgan xodimlar tomonidan har yili deklaratsiya to‘ldirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu me’yoriy ichki hujjat talablariga muvofiq korxonaning jami 280 nafar rahbar va mas’ul xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasi to‘ldirildi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, xodimlar deklaratsiya to‘ldirish jarayonida biron-bir tashkilotda moliyaviy manfaatdorligi borligini, shu jumladan, ustav kapitalida ishtirok etishi, tashkilish-huquqiy va mulkiy shaklidan qat’iy nazar moddiy yoki nomoddiy naf olayotganligini ko‘rsatishi lozim.
To‘ldirilgan deklaratsiyalar tahlil qilinganda, korxona sexlarida 4 nafar mas’ul xodimlarning turli firmalarda ulushlari borligi, 14 nafarida esa yaqin qarindoshlari bilan birga korxonada ishlashlari va buning natijasida “ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi” mavjud ekanligi aniqlandi. Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida, xodimlar yaqin qarindoshlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi
129-moddasi talablari asosida bir-biriga bo‘ysunmaydigan lavozimlarga o‘tkazildi. Shuningdek, “ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi” aniqlangan xodimlar bilan jamiyatning “Korrupsiyaga qarshi Siyosati”, “Manfaatlar to‘qnashuvi” hamda “Axloq kodeksi” talablari bo‘yicha profilaktik-tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
Jamiyatda “Manfaatlar to‘qnashuvi” talablari bo‘yicha profilaktik-tushuntirish ishlari davom ettirilmoqda.
“Farg‘onaazot” AJ boshqaruvi raisi D.E. Mannonov