Ру O`z En

KEKSALAR HAFTALIGI DOIRASIDA “BIR PIYOLA CHOY USTIDA” BAYRAM DASTURXONI TASHKIL ETILDI

Bizning xalqimizga keksalarni e’zozlash xosdir. Bolaligimizdan keksalarga izzat-ikrom ko‘rsatish bizlarning qonimizga singib ketgan. Hatto ota-onalarimiz ham hali hanuz bobo-buvilarmizdan hayot yo‘llarida maslahatlar so‘rab, ularning dono so‘zlariga quloq tutadilar. Bejizga xalqimizda qari bilaganni pari bilmas demaydilar.  

      Nuroniy otaxonlar, munis onaxonlarimizga hamisha hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, ularning xizmatini qilish, ularni ardoqlashdek  oliyjanob odatlarimizni yosh avlod vakillariga singdirish xozirigi jamiyatimizning asosiy me’zonidir. Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar, mahallalar tinchligini ta’minlash, shuningdek yosh avlodni tarbiyalash ishidagi ro’lini oshirish  maqsadida Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan har yili oktabr oyining 1-haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilanganligi bu islohotlarning mahsulidir.

     “Keksalar haftaligi” doirasida mamlakatimizning barcha yerlarida tadbirlar, bayramlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlarda keksalar e’tirof etilib, yurtimiz kelajagiga qo‘shgan hissalariga minnatdorchiliklar bildirilmoqda.   "Farg’onaazot" aksiyadorlik jamiyati o‘zining mehnat faxriylari, yoshi katta malakali xodimlari uchun “Kimyogar” tantanalar saroyida “Bir piyola choy ustida” nomli bayram dasturxoni yozdi.  Bayramga tashrif buyurgan mehmonlar orasida korxonamizda avval rahbar lavozimida faoliyat yuritgan mehnat faxriylari so‘zga chiqdilar. Ular orasida Muxammad Maxmudov, Alisher Yo‘ldashev, Ilimdar Ibragimov, Egamberdi Raimov, Alijon Xamidov, Karimsher Farmonovlar va boshqa mehnat faxriylari bayram mehmoni bo‘ldilar.   

  • Barcha bugungi bayram ishtirokchilariga sog‘liq tilab qolaman. O‘ylaymanki bunday bayram dasturxoni atrofida yana ko‘p marotaba to‘planamiz. Bayram juda chiroyli o‘tmoqda. Bizni shu qadar e’tirof etib katta bayram tashkillagan korxonamiz rahbariyati, kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda “Nuroniy” kengashiga o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘taman. Men navqiron paytimda aynan shu korxonaga xizmat qilganimdan va mehnat faoliyatimni "Farg’onaazot" aksiyadorlik jamiyati bilan bog‘laganimdan afsuslanmayman – deydi so‘zga chiqqan Muxammad Maxmudov.

  Korxona boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Umidullo Millaboev barcha mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi. Shuningdek, bugungi korxonamizning rivojida ularning hissalar va mehnatlari yotganligini, g‘urur va iftixor bilan davom etayotgan eng yaxshi an’analarga tamal toshi qo‘ygan bu faxriylarimizni e’tirof etdi.

  • Bu korxonamizda faol ish olib borayotgan xodimlarimiz, mehnat faxriylarimiz, ko‘pchilik uchun ayniqsa yosh avlodga namuna bo‘lib kelayotgan keksa yoshdagi mexmonlarimizni bugungi bayram tadbirimizda ko‘rib turganimdan bag‘oyat hursandman. Sizlar fidokorlik bilan faoliyat yuritgan va yuritayotgan korxonangiz sizlarga doimo tirgak bo‘lishini va qilgan mehnatlaringizni yuqori baholashini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Shu bilan birgalikda butun korxona jamoasi nomidan, hamda shaxsan o‘z nomimdan, sizlarga ulkan minnatdorchiligimizni bildiraman. Sizning hayotiy tajribangiz va donoligingiz korxona va shahar farovonligiga katta xissa qo‘shgan. Sizga hech qachon tushkunlikka tushmasligingizni, uzoq yillar keksalik gashtini surib yashashingizni va o‘z mehnatlaringiz mevasini totishingizni Yaratgandan so‘rab qolaman! – dedi o‘z nutqida korxona Nuroniylar masalalari bo‘yicha mutaxassisi Abdubakir Artikov.  

Bayramda viloyatimiz xushovoz xonandalari, qiziqchi, so‘z ustalari mehmonlar xizmatida bo‘ldilar.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech