“14-YANVAR VATAN HIMOYACHILARI KUNI” KATTA TANTANA QILIB NISHONLANDI
Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 31 yilligi bayrami korxona xodimlari uchun O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Farg‘ona viloyat hududiy bo‘linmasida tashkil etildi.
Bayramni jamiyat boshqaruvi raisi Dilshod Mannonov o‘zining bayram nutqi bilan ochib berdi. D. Mannonov tabrik so‘zida, dunyodagi eng sharafli kasb o‘z ona Vatani va xalqining tinchligi uchun xizmat qilish ekanligini, bugungi O‘zbekistonimizning tinchligi, xotirjamligi, barqarorligi sababchisi mardu maydon o‘g‘lonlarimizligini aytib o‘tdi. Shuningdek, barcha yurtimizda tug‘ilgan o‘g‘lonlar Vatan himoyachisi ekanligini va bizlar Amir Timur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkarda, dunyoni larzaga solgan qahramonlar avlodi ekanligimizdan faxrlanishimizni ta’kidladi.
Bayram dasturini boshlovchi Gulnoza Hamidova olib bordi. Kechaga Sharqiy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari tashrif buyurdilar va o‘zlarining “Posbonlar” nomli qo‘shiqlarini kuyladilar. Korxona ichshi-xodimlari uchun “Gratsiya” raqs jamoasi go‘zal o‘yinlarini ijro etdilar.
O‘zbekiston xalq hofizi Ilhom Ibrohimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulhay Karimov, xonanda Xumora Shokirova va “Tarannum” guruhi kuy-qo‘shiqlari kecha mehmonlariga yuqori kayfiyat ulashdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati