21-OKTABR – O‘ZBEK TILI BAYRAMI MUNOSABATI BILAN “TIL — MILLAT KO‘ZGUSI” SHIORI OSTIDA O‘TKAZILGAN BAYRAM TADBIRI
Joriy yilning 17-oktabr kuni jamiyatimizda davlat tiliga maqom berilgan kun katta bayram qilib nishonlandi. “Til — millat ko‘zgusi” shiori ostida o‘tgan tadbir ona tilimizni ulug‘lovchi, uni ardoqlovchi haqiqiy til bayramiga aylandi.
Tadbir, Vatanimiz madhiyasi bilan boshlandi. So‘ng Jamiyat boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Umidillo Ismatullayevich Millaboyev barcha xodimlarni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabriklab, davlat tilining nufuzini yanada oshirish, uni ishlab chiqarish jarayonlarida to‘laqonli qo‘llash mas’uliyatini va bu borada korxonada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida alohida ta’kidladi. Shuningdek u, ona tilimiz — bu xalqimizning bebaho boyligi, ma’naviyatimizning asosi va milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylaydigan, avlodlarni bog‘lab turadigan muqaddas rishta ekanligini aytib o‘tdi.
Tadbirni olib borgan boshqaruv raisining ma’naviy – ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi E’zozxon Abdullayeva tilimizni e’zozlash, uning sofligini saqlash, to‘g‘ri va go‘zal so‘zlash — har birimizning burchimiz ekanligini eslatib o‘tdi. Shu o‘rinda, u so‘nggi yillarda jamiyatning bir qator xodimlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limida tahsil olib, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha sertifikatlar bilan taqdirlanganligiga qaratdi.
Bugungi bayram tadbiriga tashrif buyurgan Farg‘ona viloyati hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sohibjamol Tongotarova, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida davlat tilining nufuzi yildan-yilga ortib, barcha sohalarda o‘zbek tilidan foydalanish madaniyati yuksalib borayotganligini, bu esa, mamlakatimizda tilimizni ardoqlash, uni kundalik faoliyatimizda to‘laqonli qo‘llash, yosh avlodga hurmat bilan yetkazish kabi mas’uliyatli vazifalarga sabab bo‘layotganligini so‘zlab berdi.
Bayram dasturi doirasida “Kitobxon xodim” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘qitilgan xodimlarga diplomlar va sertifikatlar topshirildi.
Tadbir O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi Farg‘ona hududiy bo‘limining konsert dasturi bilan tantanali yakunlandi. Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan ushbu bayram tadbiri ona tilimizni yuksak qadrlash, uni ardoqlash, avlodlar qalbida milliy g‘urur tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati