5 IYUN – BUTUNJAHON ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH KUNI MUNOSABATI BILAN “KO‘RIK-TANLOV” GOLIBLARI TAQDIRLANDI
Har yili 5 iyun kuni butun dunyoda atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi. Ushbu sana ekologik muammolar haqida keng jamoatchilik e’tiborini oshirish, tabiatni asrashga bo‘lgan mas’uliyatni mustahkamlash maqsadida nishonlanadi.
Shu munosabat bilan korxonamizda ham ekologik madaniyatni rivojlantirish va ishlab chiqarish hududlarining ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan “Ko‘rik-tanlov” o‘tkazildi.
Tanlov Mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi, atrof-muhitni muhofaza qilish va xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan “Biz tabiatga befarq emasmiz, u bilan hamnafasmiz” shiori ostida tashkil etildi.
“Ko‘rik-tanlov” doirasida maxsus tuzilgan hakamlar hay’ati jamiyatimizning barcha sexlarini ko‘zdan kechirdi va quyidagi mezonlar asosida baholadi:
Ishlab chiqarish sexlari atrofining sanitariya holati;
Chiqindilarni saralash, yig‘ish va ularni to‘g‘ri yo‘q qilish ishlari;
Ko‘kalamzorlashtirish holati hamda daraxt va butalarga qaratilgan parvarish ishlari;
Atrof-muhitni asrashga doir tashabbus va yangiliklarning joriy etilishi.
Tanlov natijalariga ko‘ra quyidagi sexlar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin – XMD sexi
2-o‘rin – Tashqi suv ta’minoti sexi
3-o‘rin – Soda sexi
4-o‘rin – AK-72 M sexi
5-o‘rin – Aloqa sexi
G‘oliblar korxona rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari hamda faxriy yorliqlar bilan tantanali ravishda taqdirlandi.
Bunday tadbirlar nafaqat ishlab chiqarish hududlarining ozodaligini ta’minlashda, balki xodimlar o‘rtasida ekologik ong va madaniyatni yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Tabiatga mas’uliyat bilan qarash, yashil muhitni saqlab qolish va uni kelajak avlodlarga sog‘lom holda topshirish har birimizning burchimizdir.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati