9 DEKABR KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH KUNI:Korrupsiyaga qarshi kurash – dolzarb vazifa
2003 yil 9 dekabr kuni Birlashgan Millatlar tashkiloti tashabbusi bilan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konvensiya imzolangan edi. Ayni paytga qadar ushbu konvensiyaga 172 davlat qo‘shilgan.
Ayni paytda butun dunyoda korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda. Har yili turli-tuman dasturlar, loyihalar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, bizning Respublikamizda poraxo‘rlikni oldini olish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish borasida o‘tgan qisqa davr ichida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, taraqqiyot kushandasi — korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim amaliy qadamlar tashlandi.
Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan «Davlat dasturi – korrupsiyaga qarshi kurashning yangi bosqichi» mavzusi ilgari surilmoqda. Bundan tashqari, jamoatchilik so‘rovlarini o‘tkazish natijasida «Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reestri» shakllantirildi. Bundan ko‘rinib turibdiki, jamiyatimizni korrupsiya changalidan saqlash hozirgi kunda dolzarb masalalardan biridir.
9 dekabr - Korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan korxonamiz komplaens, huquqshunoslik xizmatlari va jamoat tashkilotlari tomonidan tadbir tashkillandi. Tadbirda korxona rahbariyati, sex, bo‘lim va boshqarmalar boshliqlari, xodimlari ishtirok etdilar.
Korxona boshqaruvi raisi Abdupatto To‘lanovich tadbirni ochib berdi va korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bataraf etish yuzasidan o‘zining takliflarini berib o‘tdi. Komplaens xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov so‘zga chiqib, korrupsiyaga oid bir qancha qaror va farmonlar bilan yig‘ilish qatnashchilarini tanishtirib o‘tdi. Shu o‘rinda, u korrupsiya – nihoyatda ijtimoiy-siyosiy vayronkor kuch ekanligini, uning oqibatida milliy iqtisodiyotga putur yetishi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashishi, shuningdek, buning oqibatida uyushgan jinoyatchilik kuchayishini, jamiyatda ma’naviyat izdan chiqishini aytib o‘tdi. U o‘z nutqida korrupsiya holatlariga duch kelgan xodimlarni tezlik bilan korxona komplaens xizmatiga murojaat qilishlarini, murojaatchining shaxsi sir saqlanishiga kafolat berilishini aytib o‘tdi.
Tadbir yakunida korxona rahbariyati barchani halollik, ochiqlik va ish davomida tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘z bilimiga tayangan holda faoliyat olib borishga chaqirdi.
“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati