9-dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni!
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanmoqda. Ushbu kunda BMTning “Korrupsiyaga qarshi konvensiya”ni tan olgan, a’zosi hisoblangan davlatlarda turli tadbirlar va aksiyalar uyushtiriladi, plakat va tarqatma materiallar chop etiladi, shuningdek ommaviy axborot vositalarida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasidagi axborotlar faollashadi.
Shunday tadbirlardan biri “Farg‘onaazot” AJ majlislar zalida o‘tkazildi. Unda korxona rahbariyati, bo‘lim va sex boshliqlari, ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida, korxona boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Umidillo Millabayev kirish so‘zi bilan ishtirokchilariga murojaat etdi. Notiq ushbu kunni nishonlanishining kelib chiqish tarixi va jahonda qanday nishonlanishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
So‘ng komplayens-nazorati xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov o‘z nutqida yurtimizda va korxonada korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amaliyotga tatbiq etilgan huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati, korrupsiyani oldini olish va unga chek qo‘yishga oid amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda kelgusidagi vazifalar xususida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida namoyish etilgan video roliklar hamda korxona yoshlar Ittifoqi BT faol yoshlari tomonidan tayyorlangan poraxo‘rlik illatini yorituvchi sahna ko‘rinishi hech kimni bee’tibor qoldirmadi.
Tadbir yakunida, tartib-maxfiy boshqarmasi boshlig‘i Muxtorjon Fuzaylov korxona xodimlaridan amaldagi qonunlarga, mehnat intizomiga, odob-axloq qoidalariga va ichki tartib qoidalarga rioya etilishini so‘rab murojaat qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning bunday ta’sirchan targ‘ibot usullari tadbir qatnashchilarida katta ta’sirot qoldirdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati