Ру O`z En

“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati kimyo sanoati korxonalari orasida birinchilardan bo‘lib mahsulotlarni elektron markirovka qilish tizimini muvaffaqiyatli joriy etdi

“Farg‘onaazot” AJda tayyor mahsulotlarni elektron markirovka qilish tizimini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish va “DESTEC” MChJning Logix dasturiy ta’minotini taqdim etish maqsadida joriy yilning 19 may kuni korxonamizda seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir korxonaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘limining faol ishtirokida tashkil etildi va o‘tkazildi. Seminarda ishtirok etish uchun Farg‘onaga “DESTEC” MChJ vakillari, shuningdek “Navoiyazot” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ,. “Qoʻngʻirot soda zavodi” MChJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ kabi kimyo sanoati tarmog‘ini yirik korxonalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, marketing, mahsulot sotish va logistika sohasi mutaxassislari tashrif buyurdilar. Seminarda, shuningdek, “DESTEC” MChJ Bosh direktori Xamidov M.X., loyiha menejerlari Avezov B.A., Pulatov S.S., Usmonxujaev Sh.M., Saidzade E.J., dasturchilar Gurbatov E.N., Baxisov X.S. ishtirok etishdi. Seminarda “DESTEC” MChJ vakillari kompaniyaning tashkil topish tarixi, amalga oshirilgan loyihalari va bugungi kundagi faoliyati haqida so‘zlab berishdi. Shuningdek, ushbu kompaniya vakillari Logix dasturiy mahsulotining afzalliklarini namoyish etgan videoroliklarni taqdim etdilar. Taqdimotdan so‘ng mehmonlarga mahsulotlarni elektron markirovka qilish tizimi qanday ishlashini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyati berildi. Shu maqsadda II-sanoat maydonining ishlab chiqarish sexlariga borildi. Seminarda ishtirok etgan kimyo sanoati korxonalari vakillari ushbu loyihani amalga tatbiq etish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldilar.

 

“Farg‘onaazot “ AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech