Ру O`z En

ASR VABOSI: 1- DEKABR OITSGA QARSHI KURASH KUNI

Hozirgi vaqtda keng jamoatchilikni tashvishga solayotgan muammolardan biri OITS kasalligidir. U insoniyat olamida eng dahshatli voqea hisoblanib, hatto “XXI-Asr vabosi” degan nom olgan.

       OITS — bu orttirilgan immun tanqisligi sindromi. U inson organizmini tashqi muhitga kurashish xususiyatini pasaytirib, borgan sari uni butunlay yo‘qolishiga olib keladi. U insoniyat genofoniga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aqliy, jismoniy kuchsizlanishga olib keladi. Uning oqibati o‘lim bilan yakunlanishi barchaga kundek ma’lum.  Shunday ekan kasallikni oldini olish, davolash, tarqalishini cheklash ishlari juda zarur masala.

   Korxonamizning majlislar zalida 1-dekabr -  OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilish axloq, odob va o‘zaro hurmat ruhida yashash, har bir inson o‘z haq-huquqini yaxshi bilgan holda o‘zini va o‘zgani himoya qila bilishi, ma’naviy va madaniy javobgarlikni o‘z burchi deb bilish mavzularini o‘z ichiga olgan. Yig‘ilishda jamiyat ishchi xodimlarga bu mavzularni yoritib berish uchun Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi viloyat OITSga qarshi kurash markazi vrach- epidemiologi A.Xusanov,  Respublika ixtisoslashtirilgan narkologik ilmiy amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona viloyati filiali vrach-narkologi I.Nurmatova, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologik ilmiy amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona viloyati filiali vrach-narkologi M.Madaminovalar tashrif buyurdilar.

   Ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar boshqarmasi boshlig‘i Maxmud Qayumov yig‘ilishda inson salomatligi, kasallikni keng tarqalib borayotgani, unga qarshi ishlar olib borilishining sustlashgani va bu inson sog‘ligiga putur yetkazuvchi, tashqaridan mamlakatimizga kirib kelayotgan virus bilan kurashishda yanada sergak bo‘lishimiz va ilg‘or ishlar olib borishimiz joizligini ta’kidlab o‘tdi.

   Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi viloyat OITSga qarshi kurash markazi vrach- epidemiologi A.Xusanov o‘z nutqida kasallanish sabablari, yuqish va saqlanish  yo‘llari borasida so‘z yuritdi. U yig‘ilishda korxona xodimlariga OITS kasalligidan fuqarolarimizni himoya qilish uchun Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tayyorlangan videorolikni taqdim etdi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan narkologik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona viloyati filiali vrach-narkologi I.Nurmatova OITSning birinchi omillaridan biri bo‘lgan narokomaniya to‘g‘risida yig‘ilish ishtirokchilariga batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi. Shu o‘rinda, toksikomaniyaga alohida urg‘u berib o‘tdi. U turli xildagi qo‘lbola yaratilayotgan kimyoviy “krokodil”, dorilar, poroshoklar kabi tayyorlanayotgan zararli moddalardan o‘z oila a’zolarimiz, farzandlarimizni himoya qilishga chaqirdi. Shuningdek, palapartish jinsiy hayot, irodasizlik yetaklaydigan hayotning yakuni OITS bilan bog‘liqligini aytdi.

   Yig‘ilish yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mazkur virus to‘g‘risida ishchi xodimlar katta ma’lumotlarga ega bo‘ldilar va o‘zlariga tegishli bo‘lgan hulosalar chiqardilar. 

 

“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech