“DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI KURASH” MAVZUSIDA DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI
Bugun, Markazlashtirilgan buxgalteriya xodimlari uchun “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash” mavzusida navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirni Komplaens-nazorati xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov olib bordi. U o‘z ma’ruzasida, diniy ekstremizm va radikalizmning ijtimoiy-psixologik ildizlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan noqonuniy targ‘ibotda foydalanish mexanizmlari, hamda xodimlarda kiberxavfsizlik madaniyatini mustahkamlash zaruriyati haqida atroflicha fikr yuritdi.
Shuningdek, jamiyat boshqaruvi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi E’zozxon Abdullayeva hamda Tartib-maxfiy boshqarmasi yetakchi muhandisi Dilmuhammad Eshonov so‘zga chiqib, globallashuv sharoitida diniy ekstremizm va terrorizm insoniyat xavfsizligi, milliy barqarorlik, hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitga eng yirik tahdidlardan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Mutaxassislar korxonada xodimlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot g‘oyalardan himoya qilish, shuningdek, sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash yo‘nalishida tizimli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Suhbat ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdi, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bu esa tadbirning nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatini ham oshirdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati