“GIYOHVANDLIK VA NARKOBIZNES – INSON HAYOTINING KUSHANDASI”
Mazkur shior ostida “26-iyun Xalqaro giyohvandlik va narkobiznesga qarshi kurash kuni” munosabati bilan, korxonaning ma’naviyat va ma’rifat xonasida Xo‘jalik sexi xodimlari uchun seminar tashkil etildi.
Seminar boshqaruv raisi maslahatchisi ish rejasiga asosan jamiyatning Komplayens nazorat xizmati, Tartib-maxfiy boshqarmasi, Milliy gvardiya alohida batalioni xizmatlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan xodimlarga giyohvandlik vositalaridan foydalanishning salbiy oqibatlari, narkobiznes tahdidlari va ular bilan kurashishning dolzarbligi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ular yoshlarimizni bu illatdan asrash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish uchun jamiyatning har bir a’zosi hushyor bo‘lishi, bu yo‘lda birgalikda harakat qilish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, giyohvandlik nafaqat inson salomatligi, balki butun jamiyat taraqqiyotiga, ayniqsa yoshlar kelajagiga jiddiy xavf solishi, uning jamiyat hayotida qaytarib bo‘lmas iz qoldirishi haqida ogohlantirildi.
Bunday tadbirlar korxona jamoasi orasida hushyorlikni oshirish, zararli illatlarga qarshi immunitetni shakllantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati