“ENG FAOL MA’NAVIYАT TARG‘IBOTCHISI” KO‘RIK-TANLOVI G‘OLIBLARI ANIQLANDI
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy – amaliy, madaniy – ma’rifiy tadbirlar dasturining 5-bandiga muvofiq korxona sexlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlari o‘rtasida “Biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz!” mavzusida “Eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlov ikki bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqichda tanlovda ishtirok etayotgan Xlorat magneli defolianti, Jihozlarni mexanik ta’mirlash sexi, Aloqa, Soda ishlab chiqarish, Polietilen qop ishlab chiqarish, Mexanik ta’mirlash sexlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimlari tomonidan sexlarning ma’naviyat xonalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tarixiy ahamiyatga molik 15 ta muhim islohoti yuzasidan seminarlar o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlovning ikkinchi bosqichi joriy yilning 25 avgust kuni korxonaning majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi bosqichda ishtirokchilar Zahiriddin Muhammad Bobur, Nizomiddin Mir Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Imom Al-Buxoriy kabi buyuk siymolarimiz hayoti va jamiyatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirgan ishlari yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Ko‘rik tanlov Nizomiga asosan tuzilgan hay’at a’zolari ishtirokchilarni taqdimotlarini baholab bordilar. Taqdimotlar ishtirokchilarning sexda amalga oshirgan ma’naviy-ma’rifiy ishlari hisoboti, tayyorlangan fotoalbomlari, ma’naviyat xonalarining jihozlanishini e’tiborga olgan holda baholandi. Ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra birinchi o‘rinni - Aloqa sexining ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimi Xursanoy Qodirova o‘zining birinchi bosqich bo‘yicha “Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolarning xal etilishi”, ikkinchi bosqich bo‘yicha “Amir Temur hayoti va faoliyati” mavzulari bilan qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘rinni Jihozlarni mexanik ta’mirlash sexining ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimi Yosinjon Ergashev birinchi bosqichda “Oliy ta’lim tizimining rivojlantirilishi; Universitetlarga qabul kvotalarining oshirilishi hamda milliy xorijiy OTMlar filiallarining ochilishi to‘g‘risida”gi, ikkinchi bosqichda “Alisher Navoiyning hayoti va ijodi” borasidagi seminar mavzulari bilan egalladi. Uchinchi o‘ringa Xlorat magneli defolianti sexining ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimi Usmonjon Abdullaev birinchi bosqich “Turizmni rivojlantirish doirasida 90 mamlakat uchun vizasiz rejim, 48 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz tranzit rejim joriy etilishi; Orol dengizining suvi qurigan tubida o‘rmon barpo qilinishi; ikkinchi bosqich “Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi” bo‘yicha tayyorlagan taqdimotlari mavzulari bilan erishdi.
Shuningdek, ko‘rik-tanlovda Polietilen qop ishlab chiqarish sexining ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimi Abdulaziz Abdurasulov, Mexanik ta’mirlash sexining ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodimi G‘ayratjon Mo‘ydinovlar ham o‘zlarining taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.
Eslatib o‘tamiz “Eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovning asosiy maqsadi Mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, ajdodlarimizning xayoti, ijodi va xozirgi kunda erishgan yutuqlarimizdagi poydevorlarini e’zozlash yanada chuqur o‘rganishni o‘z ichiga olgan.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblari mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tadigan taqdirlash marosimida tantanali ravishda mukofotlanadilar.
“Farg’onaazot”aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.