Ру O`z En

“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” qanday o‘tmoqda

Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi “Farg‘onaazot” AJ obyektlari binolarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limi xodimlari: podpolkovnik Adolat Abdiyeva, katta leytenant Ro‘zali Madaminov va katta leytenant Akmaljon Akbarovlar tomonidan “Yong‘in xavfsizligi oyligi”  doirasida yong‘inlarning oldini olish borasida profilaktik tadbirlar muntazam o‘tkazilib borilmoqda.

  Navbatdagi seminar-uchrashuv joriy yilning 14-dekabr kuni “Farg‘onaazot” AJning
2-ishlab chiqarish maydonida o‘tkazildi. Seminarda “Farg‘onaazot” AJ mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi, atrof-muhit muhofazasi va xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.  Seminarda boshqarma yetakchi mutaxassisi Sotiboldiyev Fazliddin, yetakchi muhandisi Mirkomil Matmusaevlar ham faol qatnashdilar. Amaliy seminarda “Yong‘in xavfsizligi oyligi” hamda yong‘inlar, is gazi va gaz-havo aralashmasi chaqnashi holatlari, bu kabi noxush holatlarni keltirib chiqaruvchi omillar va ularni oldini olish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.     
         Seminar ishtirokchilariga yong‘in xavfsizligi qoidalari, is gazidan zaharlanish va gaz-havo aralashmasi chaqnash holatlarining oldini olish borasida tushuntirishlar berildi. Gaz va elektr energiyasidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda foydalanish, texnik talablarga javob bermaydigan nosoz isitish manbalari ishlatilishining noxush oqibatlari haqida ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar yong‘in xavfsizligi sohasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar olishdi. Seminar yakunida yong‘in o‘chirish texnika va vositalari ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Ishchi-xodimlarga yong‘in o‘chirishda foydalaniladigan vositalar, ularni ishlatish usullari, yong‘in sodir bo‘lgandagi birlamchi xatti-harakatlar ko‘rsatib berildi. Ishchilar o‘zlari yong‘in o‘chirgich vositasidan foydalanib, shartli hosil qilingan yong‘ini o‘chirishni o‘rgandilar.


“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech