Ру O`z En

HURLIK, OZODLIK TIMSOLI BO‘LGAN BAYROG‘ING MANGU MAG‘RUR HILPIRAB TURSIN AZIZ ONA VATANIM!

Qadim  zamonlardan bayroq mamlakat timsoli hisoblanadi. Uning moviy o‘zra hilpirashi, o‘sha xalqning ozodligini, mustaqilligini anglatgan. Tariximizdagi qanchadan-qancha ajdodlarimiz, sarkardalar, Amir Timur, Alpomish-u, Jaloliddin Manguberdilar Vatanimiz uchun jonini fido etgan baxodirlarimiz bayrog‘imiz mangu hilpirashi uchun kurashganlar. Hatto Chingizxon bosqini davrida Najmiddin Kubro singari ulug‘ siymolar, jang maydonini tashlab ketishdan ko‘ra, bayroqni ushlagancha sharafli o‘lim topishni tanlagan...

   Bugun Vatanimiz erishgan yutuqlariga butun jahonni lol qoldirgan bir vaqtda yurtimiz milliy bayrog‘i dunyoning qanchadan-qancha rivojlangan mamlakatlarida viqor bilan hilpirab turibdi. Iqtidorli yoshlarimiz, tajribali sportchilarimiz yuksak natijalarga erishib, qanchadan-qancha arenalarda uni ko‘klarga ko‘tarmoqda. Bugun 18 noyabr kuni erkimiz timsoli bo‘lgan bayrog‘imiz qabul qilinganiga roppa rosa 30 yil to‘ldi. Bu ulug‘ sana munosabati bilan “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori ostida tantanali tadbir tashkil etildi.

   Tadbirni korxona boshqaruvi raisi Abdupatto Salijanov o‘zining tabrik so‘zlari bilan ochib berar ekan Vatanimiz bayrog‘ini ta’rifini va naqadar yuksak va aziz ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Korxonamizda faoliyat yuritayotgan faol va bilimli yoshlarimiz o‘zlarining tadbirga tayyorlab kelgan ta’sirli she’ru, tarixiy voqealar, bayrog‘imizning kelib chiqishi to‘g‘risidagi dasturlarini o‘qib eshittirdilar. Tadbirda boy tarixga ega yurtimizni madh etgan qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha jilo bag‘ishladi.

  Tadbirda korxonamizning barcha sex va bo‘lim boshliqlari, yoshlari hamda xodimlari ishtirok etdilar. Jamiyatning jamoat tashkilotlari tomonidan tashkillangan tadbirda idoraviy xarbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘limining smena kattasi Murodjon Mirzaev o‘z ijodiga mansub “menga Vatandir” she’rini tadbir ishtirokchilariga taqdim etdi. Tadbir yuksak saviyada bo‘lib o‘tdi.

   Aziz Vatandoshlar! "Farg'onaazot" aksiyadorlik jamiyati barchangizni Davlatimiz bayrog‘ining - 30 yilligi munosabati bilan chin yurakdan qutlab qoladi. Xammangizning xonadonlaringizga farovonlik, Yurtimizga tinchlik tilab qolamiz. Bayrog‘imiz toabad mag‘rur hilpirab tursin!

 

“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech