Ishlab chiqarishning yuqori samaradorligi bilan viloyatimizning OAV vakillari yaqindan tanishib chiqdilar
“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ishlab chiqarish bilan bog‘liq korxonadagi islohotlar, yangi mahsulot turlari, eksport va import masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumani “Farg‘onaazot” AJ boshqaruvi raisi Dilshod Mannonov boshchiligida bo‘lib o‘tdi. Jamiyat rahbari o‘z nutqida, korxonaning mineral o‘g‘itlar va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishda erishayotgan yutuqlari hamda rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida OAV vakillariga batafsil ma’lumot berdi. Shu o‘rinda u mamlakatimizda matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari bilan ochiq va oshkora muloqot qilish hozirgi shiddat bilan o‘sib borayotgan zamonimizning asosi ekanligini, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan salmoqli amallar jamiyatimiz hayotida tub burilishga sabab bo‘layotganini ta’kidlab o‘tdi.
Anjuman davomida ishlab chiqarish va texnik boshqarmasi boshlig‘i Qobiljon Nazirov jurnalist va blogerlarni yangi texnika va texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayoniga tadbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, mahsulot hajmini va sifatini oshirishga, energiya sarfini qisqartirishga hamda mahsulotlarni eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar bilan tanishtirdi. Slaydlardagi diagramma va ma’lumotlar aniq raqamlar bilan keltirildi.
Anjumanda mehmonlar korxona hayoti, ishlab chiqarish, jamiyat ekologiyasi, ishchi-xodimlarning faoliyatiga oid bo‘lgan savollarga javoblar oldilar. So‘ng, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirida ishtirok etib, korxona hududlariga ko‘chatlar o‘tqazishda o‘z hissalarini qo‘shishdi.
Matbuot anjumanida ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita tanishish maqsadida, OAV vakillari korxonaning 2-sanoat maydonida joylashgan kuchsizlantirilgan azotli kislota va ammiakli selitra sexiga tashrif buyurishdi.
“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati