Ру O`z En

Korxonada korrupsiya illatiga qarshi kurash bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotganligi hech kimga sir emas. "Farg'onaazot" aksiyadorlik jamiyatida ham mamlakatimizning bu borada qabul qilingan qonun hujjatlari asosida 15 ta me'yoriy hujjatlar tayyorlanib, korxona rahbariyati tomonidan tasdiqlangan hamda korxonaning rasmiy veb saytiga ham joylashtirilgan. Ushbu me'yoriy hujjatlar korxonaning har bir bo'lim va bo'linmalarida hamda sexlarida mavjud bo'lib, ularning mazmun-mohiyati haftaning har juma kunlari o'tkaziladigan ma'naviyat kunlarida qo'shimcha ravishda xodimlarga yetkazib borilmoqda.

Shuning bilan birgalikda korxonada yangi "Xizmat odobi qoidalari" ham ishlab chiqilganligini hamda tasdiqlangan reja asosida korxona bo'lim va sexlarida tizimli ravishda tushuntirish ishlari olib borilayotganligini, ishchi-xodimlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu illatga murosasiz bo'lish munosabatini shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida alohida "O'quv dasturi" ishlab chiqilib, tasdiqlangan jadval asosida komplayens nazorat xizmati xodimlari tomonidan bo'limlar va sexlarda o'qitish ishlari amalga oshirilayotganligini ham aytib o'tish joiz.

Tuzilgan shartnomlar, o'tkazilgan tender va konkurslarning qonuniyligi va ichki me'yoriy hujjatlarga muvofiq bo'lishi ustidan doimiy nazorat yo'lga qo'yilgan. Xususan, 2022-yilning 9 oyi davomida korxona tomonidan jami 765 mlrd so'mdan ortiq 1325 ta shartnomalarning ichki me'yoriy hujjatlarga to'liq mos bo'lishi ta'minlandi.

Joriy yilda jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xo'jalik, sanoat va qurilish mahsulotlarini sotib olish istagida bo'lgan yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan 484 ta shartnomalarning ham amaldagi tartib qoidalarga to'liq mos kelishi holatlari o'rganib chiqilib, tegishli xulosalar berildi.

Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, ayrim holatlarda xo'jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan birja savdolaridan keyin mahsulotlarni o'z vaqtida olib ketilmaganlik, texnik talablar shartlarini to'liq bajarmaganlik kabi holatlar ham uchrab turibdi. Hisobot davrida korxona mas'ullari tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar davomida aniqlangan yuqoridagi kabi holatlar yuzasidan 201 nafar kontragentlardan 3 mlrd 072 mln 301 ming so'm jarimalar undirib olindi.

Korxonada fuqarolarni ishga qabul qilish jarayonida turli noxush holatlar kelib chiqishini oldini olish maqsadida, me'yoriy hujjatlar talablari asosida, alohida Nizom va nomzodlarni tekshirish bo'yicha yo'riqnoma ishlab chiqildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyul kungi "Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" PQ-5177-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, korxona rasmiy veb saytiga http://azot.vakantlar.uz havolasi ham joylashtirilib, ishga tushirildi. Natijada shu kunga qadar korxonaga 154 nafar fuqarolar yangi dastur asosida ishga qabul qilindi. Bunga qo'shimcha, korxona rahbariyati tomonidan haftaning har dushanba va seshanba kunlari murojaatchilarni qabul qilish ishlari amalga oshirilib, ishga kirish masalalari atroflicha o'rganib chiqilmoqda.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi "Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo'lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-6257 Farmoni, Prezidentining yuqorida nomi zikr etilgan PQ-5177 qarori hamda "Farg'onaazot" AJ boshqaruv raisi tomonidan 2021-yil 17-iyunda tasdiqlangan "Farg'onaazot"AJ da manfaatlar to'qnashuvini boshqarish siyosati"ning 5.4 bandi talablaridan kelib chiqib, korxonaning me'yoriy hujjatida ko'rsatib o'tilgan 210 nafar xodimlar manfaatlar to'qnashuvi bo'yicha deklaratsiya to'ldirishdi, deklaratsiyalash natijasida esa 4 nafar rahbar xodimlarda manfaatlar to'qnashuvi hamda 6 nafar xodimlarda ehtimoliy manfaatlar to'qnashuvi mavjudligi aniqlandi. Ushbu holatlar axloq komissiyasida ko'rib chiqilib, manfaatlar to'qnashuvi holatlari bartaraf etildi. Deklaratsiyalash natijalari korxona rasmiy veb saytiga ham joylashtirildi.

Hisobot davrida o'tkazilgan 9 ta xizmat surishtiruvlari jarayonida aniqlangan salbiy holatlar bo'yicha 4 nafar xodimlar bilan xizmat shartnomalari bekor qilindi, yana 22 nafar xodimlarga esa amaldagi mehnat qonunchiligi talablari asosida "Hayfsan", "Qattiq ogohlantirish", oylik maoshidan ma'lum bir foizdagi jarimalar ushlab qolish kabi intizomiy jazo choralari qo'llanildi.

Korxonada xodimlarni huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik prinsipini shakllantirish bo'yicha tizimli asosda turli profilaktik tadbirlar (o'qitish, trening, seminar va boshqalar) o'tkazib borilmoqda hamda ularda mas'ul xodimlar va ishchi-xizmatchilarning ishtiroki ta'minlanmoqda. O'tgan davr ichida shunday tadbirlardan 62 tasi o'tkazildi.
Korxona rasmiy sayti, radiouzeli va muassisligidagi "Kimyogar" gazetasi orqali korrrupsiya illatiga qarshi murosasiz kurashish borasida doimiy tushuntirish va targ'ibot ishlari olib borilmoqda.
O'tkazib borilayotgan profilaktik tadbirlar va korxona rahbariyati tomonidan ko'rilayotgan choralar natijasida jamiyatda bir qator ijobiy o'zgarishlar kuzatilib, ishchi xodimlar o'rtasida o'g'irlik holatlari, mayda tashmachilik, moddiy zarar keltirish kabi holatlarni keskin kamayishiga erishildi. Ayniqsa, bayram va turli ma'rifiy, sport tadbirlari davomida ishchi xodimlarni rag'batlantirish ishlari ham amalga oshirib borilayotganligi natijasida korxonada ma'naviy muhit yanada yaxshilanishiga hamda korrupsion holatlarni kamayishiga o'zining ijobiy ta'sirini ko'rsatib kelmoqda.


Manba: nuqtainazar.uz

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech