KORXONADA SANOAT XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH BO‘YICHA TUNGI MAXSUS O‘QUV-AMALIY MASHG‘ULOT O‘TKAZILDI
Jamiyatimizda ishlab chiqarish jarayonlarida sanoat xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va texnogen xatarlarning oldini olish hamda favqulodda vaziyatlarda xodimlarning tezkor harakat ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida yirik miqyosdagi tungi o‘quv-amaliy taktik mashg‘ulot o‘tkazildi.
Mashg‘ulot Sirka angidridi va sirka kislotasini qayta tiklash sexida, tungi smenada tashkil etilib, unda Jamiyatning Sanoat xavfsizligi boshqarmasi hamda tegishli tezkor xizmatlar: Qutqaruv otryadi, Davolash-sog‘lomlashtirish diagnostika sexi, Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi huzuridagi OYXTTEB bo‘limi, Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati, shuningdek, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining qo‘riqlash departamenti alohida batalyoni xodimlari hamkorlikda o‘tkazilgan.
Ssenariyga ko‘ra, sexning 614-binosida joylashgan 56/1 sig‘imda sirka angidridi saqlanayotgan paytda yong‘in bilan bog‘liq texnogen avariya yuz berdi. Jarayon davomida tezkor harakat guruhlari reja asosida safarbar qilinib, avariya hududi darhol qurshab olindi. Jabrlanganlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi. Yong‘in o‘chirish bo‘yicha kompleks choralar amalga oshirilib, vaziyat to‘liq nazoratga olindi.
Bunday mashg‘ulotlar sanoat obyektlarida favqulodda vaziyatlarni boshqarish tizimi samaradorligini oshirish, risklarni minimal darajaga tushirish va xodimlarning favqulodda vaziyatlarda operativ qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ular ishlab chiqarish jarayonida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning jamoaviy harakatlarini muvofiqlashtirish hamda favqulodda vaziyatlarga doimiy tayyorgarlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati