LOYIHALASH BO‘LIMIDA “SOG‘LOM ISH MUHITI — SOG‘LOM KELAJAK SARI” MAVZUSIDA PSIXOLOGIK SEMINAR-TRENING O‘TKAZILDI
Korxonaning Loyihalash bo‘limida xodimlar uchun “Sog‘lom ish muhiti — sog‘lom kelajak sari” mavzusida psixologik seminar-trening tashkil etildi. Mazkur tadbir psixologiya fanlari doktori Nargizaxon Ergasheva hamda Ijtimoiy bo‘lim mutaxassisi Umidaxon Axundjanova hamkorligida o‘tkazildi.
Seminar-treningning asosiy maqsadi — jamoada sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish, xodimlarning emotsional holatini barqarorlashtirish, ish unumdorligini oshirish hamda kasbiy faoliyatda stressga chidamlilikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga ijobiy psixologik kayfiyatni shakllantirish, konstruktiv ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish, sog‘lom ish muhitining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi, shuningdek, salbiy hissiyotlarning inson ruhiy holatiga ta’siri yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Shuningdek, seminar doirasida stressni boshqarish texnikalari, nafas olish va tana harakati orqali psixoemotsional holatni muvozanatlashtirish mashqlari, mehnat jarayonida tartib-intizom va ergonomik talablarning ahamiyati, ish joyini to‘g‘ri tashkil etish orqali professional charchashning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir interaktiv usullarda olib borilib, xodimlarning faol ishtiroki, ochiq muloqot va amaliy mashqlar orqali samaradorlikka erishildi. Seminar-trening yakunida ishtirokchilar sog‘lom ish muhiti nafaqat ruhiy farovonlik, balki ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning muhim omili ekanini alohida ta’kidladilar.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati