Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Bugun korxonamizning majlislar zalida video-konferens aloqa orqali “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Jamiyatiniz boshqaruvi raisi, boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i va mas’ul xodimlari, shuningdek Matbuot xizmati xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining “Respublikada ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida” 50-sonli bayonda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishni “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari Akobir Xakimovich To‘xtayev olib bordi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda quyidagi masalalar o‘rin oldi:
- “O‘zkimyosanoat” AJ tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yangi tizimini yaratish bo‘yicha 2023-yil uchun belgilangan “yo‘l xaritasi”ning yillik ijrosi tahlili.
- “O‘zkimyosanoat” AJ tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish bo‘yicha 2024-yil uchun “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar.
- “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 28-dekabrdagi SQ-682-IV-sonli qarori ijrosi yuzasidan 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlar.
- korxonalarda yangi, zamonaviy jihozlangan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan "Kimyo sanoati tarixi" idoraviy muzeyini tashkil qilish bo‘yicha ish tartibi va talablarini ishlab chiqish.
- “Eng faol innovator ayol” tanlovida xotin-qizlar ishtiroki qamrovini kengaytirish.
- korxonalardagi kutubxonalarda mavjud kitoblar soni va kitob fondini ko‘paytirish masalasi.
- ichki turizmni rivojlantirish.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan berilgan topshiriqlar va belgilangan vazifalar ijro uchun qabul qilindi.
“Farg‘onaazot” AJ Matbuot xizmati