Ру O`z En

ISO XALQARO STANDARTLARI: KORXONADA AUDITORLIK YIG‘ILISHI BO‘LIB O‘TDI

Bugun, 26-iyun kuni jamiyatimizda muhim tadbir – xalqaro auditorlik tekshiruviga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil etildi. Faollar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda korxona rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari hamda nufuzli “Ernst & Young” LLP xalqaro audit-konsalting kompaniyasining mutaxassislari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda korxonaning ISO 9001 (sifatni boshqarish), ISO 14001 (ekologik boshqaruv) va ISO 50001 (energiya menejmenti) xalqaro standartlariga muvofiqligi bo‘yicha o‘tkazilgan auditorlik tekshiruvining natijalari muhokama qilindi. Bu standartlar korxonaning ekologik xavfsizligi, energiya samaradorligi va mahsulot sifatini oshirishdagi sa’y-harakatlarini yuqori bosqichga olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi.

Yig‘ilishni texnika xavfsizligi, ekologiya va sanoat xavfsizligi bo‘yicha ekspert janob Bala Praveen ochib berdi. U xalqaro standartlarga rioya etish nafaqat korxona samaradorligini oshirish, balki uning ijtimoiy va ekologik javobgarligini ham kuchaytirishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng “Ernst & Young” mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan audit natijalari haqida ma’lumot berildi.

Yig‘ilish so‘nggida korxona Boshqaruvi raisi Dilshod Mannonov va raisning birinchi o‘rinbosari Umidillo Millabayev yakuniy so‘z bilan chiqish qilib, olingan natijalar va aniqlangan kamchiliklarga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini qayd etdilar. Ular xalqaro standartlardan to‘liq va samarali foydalanish korxona raqobatbardoshligini oshirishi hamda barqaror rivojlanishning muhim kafolati ekanini alohida ta’kidladilar.

“Farg‘onaazot” AJ zamonaviy menejment tizimlarini joriy qilish orqali nafaqat mahsulot sifatini, balki ijtimoiy va ekologik mas’uliyatini ham izchil oshirib bormoqda.

 

 

“Farg‘onaazot ” matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech