Ру O`z En

MILLATIMIZ G‘URURI BO‘LMISH – ONA TILIMIZ BAYRAMI KENG NISHONLANDI

“Har birimiz davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz kerak!” –

               O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

 

    Ona tili... bu so‘zga juda ko‘p, uzun ta’rif berish mumkin. Lekin uning negizida naqadar ulug‘ faxr yotganligini anglashning o‘zi katta baxtdir. Necha asrlar turli xil tafovutlarga uchragan o‘zbek tili hozirda Davlatimiz rahbarining dono siyosati tufayli qad ko‘tarmoqda. Bugun, O‘zbek tili bayrami bo‘sag‘asida mamlakatimizning turli yerlarida tantanalar tashkil etilmoqda.   Bugun, 17-oktabr kuni “Indorama-Farg‘onaazot” jamiyatida ham millatimiz ruhi – ona tilimizning bayrami tashkil etildi.        

       Bayram tadbirini boshqaruv raisi Dilshod Mannonov o‘zining tabrigi va mamlakatimizda o‘zbek tiliga qaratilayotgan e’tibor va Prezidentimiz tomonidan mazkur sohaga oid amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi nutqi bilan ochib berdi.

        Jamiyat faol xodimlari ishtirokidagi bayram dasturida   o‘zbek tili kelib chiqishi to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar, tilimiz madhi jo‘r bo‘lgan she’rlar, tilimiz jilosini o‘z ma’nosida yashirgan g‘azallar, kuy va qo‘shiqlar yangradi.  Qutqaruv otryadi xodimi, bir talay tanlovlar g‘olibi, xushovoz xonanda Mirzohid Ahmedov o‘zining yangi qo‘shiqlari bilan bayram ishtirokchilarini xushnud etdi. 

   Bayram dasturi doirasida “21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni”ga bag‘ishlanib,  xodimlar o‘rtasida millatimiz g‘ururi bo‘lmish ona tilimiz mavqeini yanada oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va keng targ‘ib qilish maqsadida Ona tili – bu millatning ruhidir” shiori ostida o‘tkazilgan “Kitobxon-xodim” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari ma’muriyat Diplomlari, pul mablag‘lari bilan taqdirlandilar.

    Shuningdek,  “21-oktabr O‘zbek tili kuni” munosabati bilan jamiyatning radioto‘lqinlari orqali millatimiz g‘ururi bo‘lmish ona tilimiz mavqeini yanada oshirish, unga bo‘lgan cheksiz faxrni xodimlarga yetkazishda ko‘rsatgan xizmati uchun Umarjon Abdurahmonov korxona ma’muriyati Tashakkurnomasi hamda kasaba uyushmasining qimmatbaho sovg‘asi bilan taqdirlandi.

 

“Indorama- Farg‘onaazot” matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech