Ру O`z En

“30 IYUL — XALQLAR DO‘STLIGI KUNI” KATTA TANTANA QILIB NISHONLANDI

Bugun, 30-iyul kuni, korxonamizda millatlar, madaniyatlar va yuraklar orasidagi do‘stlik, totuvlik va hamjihatlik ramzi bo‘lgan Xalqlar do‘stligi kuni keng miqyosda nishonlandi.

Tadbir jamiyatimiz faollar zalida o‘tkazilib, unda korxona rahbariyati, faxriylar, turli millat vakillari bo‘lgan xodimlar va mehmonlar ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqan korxona boshqaruvi raisi Dilshod Mannonov barchani bayram bilan samimiy tabriklab, shunday dedi:

“Turli millat vakillari yelkama-yelka mehnat qilayotgan jamoamiz — do‘stlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikning amaliy namunasi. Aynan mana shu qadriyatlar evaziga korxonamiz yuksalib, katta yutuqlarga erishib kelmoqda.”

Tadbirning badiiy qismi esa tomoshabinlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.

Konsert dasturida Marg‘ilon shahar Musiqali maqom teatrining mahoratli xonanda va raqqosalari sahnaga chiqib, turli millatlarga mansub kuy-qo‘shiqlar va raqslar bilan bayramona shukuh bag‘ishladilar.

Tomoshabinlar o‘zbek, tojik, qirg‘iz, uyg‘ur, qozoq, rus, xorazm, hind, ispan va ozarbayjon madaniyatiga oid musiqalar va raqslarni olqishlar bilan qarshi oldilar.

Tadbir yakunida yangragan “Do‘stlik” qo‘shig‘i esa barchaning yuragida iliq tuyg‘ular uyg‘otib, bayramni chiroyli yakunlab berdi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech