MAKTAB O‘QUVCHILARI KORXONA FAOLIYATI BILAN TANISHDILAR
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Farg‘ona shahar 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatining “Farg‘onaazot” AJ bilan hamkorlik tadbirlarini yanada takomillashtirish maqsadida joriy yilning 3-may kuni jamiyat faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida, maktab-internatining 9-10-sinf o‘quvchilari tashrif buyurishdi.
Korxona faoliyati, ya’ni, ishlab chiqarish jarayoni, mahsulot turlari va ularning qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati haqida o‘z bilim va malakalarini oshirish uchun kelgan o‘quvchilar, avvaliga jamiyatda harakatlanish qoidalari, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rsatmalar olishdi.
Shuningdek ishlab chiqarish-texnika boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Abdullayev Avazbek korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tgan bo‘lsa, ishchi-xodimlar xususan yoshlarning ish jarayonidagi ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport salomatlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nurmurod Sirojov ma’lumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng o‘quvchilar maxsus avtotransport vositasida korxonada tashkil etilgan muzeyga tashrif buyurib korxona tarixi bilan yaqindan tanishib chiqdilar.
So‘ngra, markaziy kimyo laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan maxsus laboratoriya amaliy ishlari ko‘rgazmasi bo‘ldi.
Navbatdagi manzilda o‘quvchilar Qutqaruv otryadi hamda yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotlar guvohi bo‘ldilar.
Korxona bo‘ylab ekskursiyaning so‘ngi manzili Iste’mol sodasini ishlab chiqarish sexidagi jarayonlar bilan tanishish bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida soha mutaxasisslar tomonidan o‘quvchilar savollariga atroflicha javoblar berib o‘tildi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan tashrif o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi
“Farg‘onaazot” AJ Matbuot xizmati