KORXONADA EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI KURASH MAVZUSIGA BAG‘ISHLANGAN SEMINARLAR DAVOM ETMOQDA
Jamiyatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar dasturi doirasida xodimlarda mustahkam qadriyatlar tizimini shakllantirish va diniy ekstremizm hamda terrorizmga nisbatan hushyorlikni oshirishga qaratilgan seminarlar izchil davom etmoqda.
Joriy yilning 13-avgust kuni Davolash-sog‘lomlashtirish diagnostika sexida tibbiyot xodimlari uchun ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi. Unda ekstremistik g‘oyalar kelib chiqish sabablari, ularning tarqalish mexanizmlari, profilaktika choralarining ahamiyati va zararli ta’sirlarga qarshi ma’naviy “immunitet”ni mustahkamlash usullari haqida batafsil tushuntirish berildi.
14-avgust kuni esa korxona faollar zalida yosh xodimlar uchun navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Tartib-maxfiy boshqarmasi boshlig‘i Muhtor Fuzaylov ochib berdi. U milliy, diniy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur anglash — jamiyatdagi birlik va totuvlikning asosiy kafolati ekanini ta’kidladi.
So‘ngra komplayens-nazorat xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov diniy ekstremizmning sabablari, asosiy ko‘rinishlari va tarqalish yo‘llarini batafsil tushuntirib berdi. U yoshlarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va haqiqiy ma’naviy qadriyatlarni buzg‘unchi g‘oyalardan ajrata olish ko‘nikmasining ahamiyatini alohida urg‘uladi.
Har ikki seminar ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tdi. Ishtirokchilar faol savol berib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar, mavzular yuzasidan jonli munozaralar bo‘ldi. Bu jarayon jamoaning ijtimoiy barqarorlik va xavfsizlik masalalariga bo‘lgan e’tibor va mas’uliyatini yaqqol namoyon etdi.
Korxonamizda bunday uchrashuvlar — xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish, fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirish va jamiyatimizdagi barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
“Farg‘onaazot” AJ Matbuot xizmati