KORXONADA SANOAT VA YONG‘IN XAVFSIZLIGIGA BAG‘ISHLANGAN O‘QUV-AMALIY TAKTIK MASHG‘ULOT O‘TKAZILDI
Joriy yilning 30-iyun kuni “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida “Yong‘n xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha dolzarb” oyligi doirasida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘quv-amaliy taktik mashg‘ulot tashkil etildi.
Mazkur tadbir Jamiyatning Sanoat xavfsizligi boshqarmasi hamda Tezkor xizmatlar — Qutqaruv otryadi, DSDS, Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining OYXTTEB bo‘linmasi, shuningdek, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti alohida bataloni bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Mashg‘ulot davomida AS-72M sexining 716-binosida joylashgan PT-65 qurilmasida yong‘in bilan bog‘liq shartli avariya yuz bergani holati imitatsiya qilindi. Shartli avariya oqibatida jabrlangan ishchi-xodimlarga tezkor yordam ko‘rsatish uchun Qutqaruv otryadi, Yong‘in-qutqaruv xizmati, Tibbiy xizmat, Qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash shaxsiy tarkibi jalb etildi.
Mashg‘ulot davomida zararli modda tarqalgan hududni qurshab olish, fuqarolarni xavfli zonadan evakuatsiya qilish, shuningdek, yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi. Ushbu mashg‘ulotlar xavfsizlikni ta’minlash, favqulodda holatlarda hamkorlikda tez va samarali harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
"Farg‘onaazot" AJ kelgusida ham yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik yo‘nalishida bu kabi mashg‘ulotlarni muntazam o‘tkazishni rejalashtirgan.
“Farg‘onaazot ” matbuot xizmati