“VAQTNI SAMARALI BOSHQARISH” MAVZUSIDA SEMINAR O‘TKAZILDI
Joriy yilning 26-fevral kuni, korxona faollar zalida tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari uchun “Vaqtni samarali boshqarish” (Time management) mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirni Mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi, atrof muhitni muhofaza qilish va xavfli ishlab chiqarish obyektlarini sanoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Fayzullo Abdurahmonov ochib berdi, u o‘z so‘zida “Vaqtni samarali boshqarish” tushunchasi to‘g‘risida ma’lumot berdi va ishtirokchilarga samarali ish faoliyatini tilab qoldi.
Seminarning asosiy qismi psixologiya fanlari doktori Nargiza Ergashеvaning interaktiv ma’ruzasiga bag‘ishlandi.
Samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan seminarda vaqtni samarali rejalashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar muhokama jarayonida faol qatnashib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.
Interaktiv shaklida o‘tkazilgan seminarda, taym-menejmentning asosiy tamoyillariga izoh beruvchi slaydlar va videoroliklar namoyish etildi.
Xususan, “Pareto qoidasi”, “Manipulyatsiya”, “To‘ng‘iz metodi”, “Vaqtni o‘g‘irlash”, “Eyzenhauer matritsasi”, “Vaqtni boshqarish usullari”, “Soft skills” tushunchalar batafsil ko‘rib chiqildi.
Seminar davomida ishtirokchilar hayotiy maqsadlarni to‘g‘ri shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar va o‘z kundalik ishlarida qo‘llashlari mumkin bo‘lgan vaqtni boshqarishning bir qator usullarini o‘zlashtirdilar.
Seminar, ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi. Olingan bilimlar va ko‘nikmalar ularga nafaqat ish vaqtini yanayam samarali rejalashtirishga, balki kundalik hayotdagi vazifalarni hal qilishga hamda hamkasblar va qo‘l ostidagi xodimlar bilan o‘zaro munosabatlarini yaxshilashga yordam beradi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati