KORXONADA MAXSUS-TAKTIK O‘QUV MASHQI O‘TKAZILDI
Korxonamizda sanoat xavfsizligi va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish maqsadida maxsus-taktik o‘quv mashqi tashkil etildi. Tadbir rejaga muvofiq 4 ta o‘quv nuqtasida o‘tkazilib, jarayon korxona rahbariyati hamda tegishli tuzilmalar vakillari tomonidan kuzatildi.
1-o‘quv nuqtasi – ishtirokchilarga mashqning maqsad va vazifalari, shuningdek, korxonada favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan tizimli choralar haqida ma’lumot berildi.
2-o‘quv nuqtasi – fuqaro muhofazasi tuzilmalari va xizmatlarning shaxsiy tarkibi saf ko‘rigidan o‘tkazildi. Ushbu bosqichda xodimlarning safarbarlik darajasi, himoya vositalari bilan ta’minlanganligi, asbob-uskunalarning sozligi hamda har bir a’zo o‘z vazifalarini qay darajada bilishi amaliy sinovdan o‘tkazildi.
3-o‘quv nuqtasi – kuchli zilzila oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnogen avariyalar ssenariysi asosida Markaziy dispetcherlik xizmati navbatchisining harakatlari ko‘rib chiqildi. Favqulodda vaziyatlarda xabar berish tizimi, ogohlantirish mexanizmlari sinovdan o‘tkazilib, sirena orqali “Yig‘in” signali berildi.
4-o‘quv nuqtasi – eng muhim bosqich bo‘lib, kuchli zilzila oqibatida ammiak saqlash omborida yuzaga kelgan shartli avariya ssenariysi asosida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu jarayonda zararli moddaning tarqalishini bartaraf etish, jabrlanganlarni qutqarish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, hududni zararsizlantirish va avariya-tiklash ishlarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlarning hamkorlikdagi harakatlari muvofiqlashtirildi.
Tadbir yakunida, o‘quv mashqi davomida rahbariyat, fuqaro muhofazasi tuzilmalari va tezkor xizmatlarning o‘zaro hamkorlik darajasi yuqori baholandi
Bunday mashqlar nafaqat xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshiradi, balki ishlab chiqarish xavfsizligi, ekologik barqarorlik va jamiyatimizning umumiy xavfsizlik darajasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati