KORXONADA MILLIYLIKNI TARG‘IB ETUVCHI MA’NAVIYAT SOATI BO‘LIB O‘TDI
Ma’lumki, har juma kuni yurtimizda “Ma’naviyat va ma’rifat kuni”, shu bilan birga “Milliy qadriyatlar kuni” sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan korxonamizda ham har haftaning juma kuni xodimlar milliy liboslarda ishga tashrif buyurishadi, bu esa o‘z navbatida milliy urf-odat va qadriyatlarni keng targ‘ib etish, ularni amalda tatbiq qilishga xizmat qilmoqda.
“Ma’naviyat soati” tadbirini boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi E’zozxon Abdullayeva ochib berdi. U o‘z nutqida milliylikni keng ommaga yetkazish, ayniqsa mehnat jamoalarida bu boradagi faoliyatni kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng, so‘z navbatini Mexanikaviy ta’mirlash sexi boshlig‘i Sherzod Ibragimov, Ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mutaxassislari Diloromxon Turdiyeva va Umidaxon Axunjanovalar davom ettirdi.
Ular o‘z chiqishlarida xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy o‘zlikni saqlash, tarixiy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish va bu boradagi kelgusidagi tashabbuslar haqida so‘z yuritishdi.
Tadbir nafaqat ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni oshirishga, balki jamoa orasida birlik va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
«Farg‘onaazot» AJ matbuot xizmati