KORXONADA DOLZARB MAVZULARGA BAG‘ISHLANGAN DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI
Joriy yilning 22-oktabr kuni korxonaning Xaridlarni va zaxiralarni boshqarish bo‘limi xodimlari uchun “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash”, “Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi”, “Kiber jinoyatlar va kiber xavfsizlik” mavzularida navbatdagi davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirni Komplaens-nazorati xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov olib bordi. U o‘z ma’ruzasida diniy ekstremizmning ijtimoiy-psixologik ildizlari, radikal g‘oyalar targ‘ibotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni haqida so‘z yuritib, xodimlarning kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, jamiyat boshqaruvi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nurmurod Sirojev, Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘limi muhandisi Abduhoshim Xolmirzayev hamda Tartib-maxfiy boshqarmasi yetakchi muhandisi Dilmuhammad Eshonov dolzarb mavzularda ma’ruzalar bilan chiqish qildilar.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan suhbat davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, fikr almashdilar. Bu esa tadbirning nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham samarali o‘tganini ta’minladi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati