KORXONAMIZDA “21-OKTABR O‘ZBEK TILI BAYRAMI” KUNI YUQORI SAVIYADA NISHONLANDI
O‘zbek tili kuni - Bu kun albatta jamiyatimizdagi, hayotimizdagi eng ulug‘ sana desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki har birimiz ota-onalarimizdan eshitgan birinchi so‘zimiz, o‘ziligimizni tanimay turib ilk bora zabonimizdagi so‘zimiz bu – ona tilimizdir.
Bugun jamiyatning faollar zalidagi tadbir ham Davlat tilimizning tashkil topganligining 35 yilligiga bag‘ishlandi.
Tadbirga Farg‘ona viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sohibjamol Tongotarova, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Farg‘ona viloyati boshlig‘i Nizomiddin Qo‘ldoshev hamda Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Husniya Shermatovalar tashrif buyurdi.
Soha mutahassislari bayram tadbirida tilga e’tibor, ehtirom, davlat tilimiz nufuzini yanada oshirish borasida so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, Prezident qaror va farmonlari, tilimiz fidoiylari va boshqa mavzuga oid masalalarda so‘z yuritdilar.
Korxona boshqaruvi raisi Dilshod Mannonov o‘z nutqida barchani bayram bilan tabriklab, tilimiz nufuzini oshirish borasida mamlakatimizda, shuningdek, jamiyatimizda tahsinga sazovor ishlar amalga oshirilayotganligi, Davlatimiz rahbari tomonidan bu sohada olib borilayotgan islohotlar tilimizga bo‘lgan e’tiborning yuqori cho‘qqisi ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir so‘nggida tashrif buyurgan mehmonlarga doimiy hamkorlik uchun korxona tomonidan Tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alar topshirildi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati