Ру O`z En

KORXONADA XALQARO ISO SERTIFIKATLARINI TOPSHIRISH MAROSIMI BO‘LIB O‘TDI

Sifat, ekologik xavfsizlik va energiya samaradorligi — korxona e’tibor markazida! 

Joriy yilning 23-oktabr kuni jamiyatining majlislar zalida ISO 9001:2015, ISO 14001:2014 va ISO 50001:2018 xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlarni topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sertifikatlar korxonada sifat menejmenti, ekologik boshqaruv va energiya samaradorligi sohalarining yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi.

Tadbirda korxona boshqaruv raisi G‘ulomjon Soliyev, “Indorama” kompaniyasi ekspertlari — mr. Bhat va mr. Bala, tarkibiy bo‘linma rahbarlari hamda xalqaro ISO standartlarini joriy etish uchun mas’ul mutaxassislar ishtirok etdilar.

Tadbirni mr. Bala olib bordi. U so‘zga chiqib, so‘nggi uch oy davomida ISO standartlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, jumladan aniqlangan nomuvofiqliklarning bartaraf etilgani haqida batafsil ma’lumot berdi.

Jamiyat boshqaruv raisi G‘ulomjon Soliyev o‘z nutqida xalqaro ISO sertifikatlarini qo‘lga kiritish korxonaning o‘z mahsuloti bilan jahon bozorlariga chiqishi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotni raqobatbardoshligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini ta’minlash hamda ekologik xavfsizlik va energiya tejamkorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

“Indorama” kompaniyasi eksperti mr. Bhat o‘z chiqishida xalqaro standartlarning joriy etilishi “Farg‘onaazot” AJning zamonaviy, barqaror rivojlanayotgan va qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxona sifatidagi obro‘sini yanada mustahkamlashini qayd etdi. U sifat, ekologik xavfsizlik va energiya tejash doimo dolzarb yo‘nalishlar bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Tadbir yakunida sertifikatlash organi vakili korxona rahbariyatiga ISO 9001:2015, ISO 14001:2014 va ISO 50001:2018 xalqaro sertifikatlarini tantanali ravishda topshirdi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech