Ру O`z En

“ORTIQCHA O‘YLASH FENOMENI VA PSIXIK ENERGIYA MUVOZANATI” MAVZUSIDA PSIXOLOGIK TRENING O‘TKAZILDI

Korxona jamoasida xodimlarning ruhiy salomatligini mustahkamlash, emotsional barqarorligini oshirish hamda ish unumdorligini yuksaltirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar doirasida Havo ajratish sexi xodimlari uchun “Ortiqcha o‘ylash fenomeni va psixik energiya muvozanati” mavzusida psixologik seminar-trening tashkil etildi.

Mazkur trening psixologiya fanlari doktori Ergasheva Nargizaxon tomonidan olib borildi. Tadbir jarayonida Ijtimoiy bo‘lim mutaxassisi Axundjanova Umidaxon ham ishtirok etib, tashkiliy va metodik jihatdan faol hamkorlikni ta’minladi.

Seminar davomida ortiqcha o‘ylash fenomenining psixologik tabiati, uning kognitiv jarayonlarga ta’siri, stress, xavotir va emotsional charchoq  bilan o‘zaro bog‘liqligi ilmiy asosda tahlil qilindi. Shuningdek, psixik energiya balansini saqlash, ichki resurslarni to‘g‘ri taqsimlash, diqqatni boshqarish hamda ongli ravishda fikrlashni tartibga solish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Trening interaktiv formatda tashkil etilib, unda ishtirokchilar bilan psixologik diagnostika elementlari, refleksiya texnikalari, stress-menejment va relaksatsiya usullari qo‘llanildi. Xususan, “kognitiv qayta tuzish” yondashuvi hamda nafas olish orqali psixoemotsional holatni barqarorlashtirish amaliyotlari keng yoritildi.

Tadbir yakunida xodimlarning psixologik barqarorligini mustahkamlash, ish jarayonida yuqori samaradorlikni ta’minlash hamda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirishda bunday treninglarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech