O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI KUNI: “KONSTITUTSIYA - SUVEREN DAVLAT KAFOLATI”
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 -yilning 8 -dekabr kuni qabul qilingan. Uning qabul qilinganligida avvalambor xalq manfaati, inson qadri ustun qo‘yilgan. Hattoki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasida “fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlashni maqsad qilgan holda ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz va e’lon qilamiz” deb ta’kidlab o‘tilgan.
“Farg‘onaazot” AJda konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirni jamiyat boshqaruvi raisi Dilshod Mannonov o‘zining tabrigi bilan ochib berdi. So‘ng Sharqiy-Harbiy okrug harbiy orkestr ijrosida davlatimiz madhiyasi yangradi.
Tadbirga tashrif buyurgan Farg‘ona viloyat prokuraturasi bo‘limi boshliq o‘rinbosari Muhsinjon G‘oyibov bizning konstitutsiyamiz, bizning – himoyamiz, farovon hayotimiz belgisi ekanligi hamda 2023- yilning 1- may sanasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganligi, uning yangi tahriri tasdiqlanganligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berib o‘tdi. Yangi O‘zbekistonimizning Yangi konstitutsiyasiga 10 ta asosiy o‘zgarish kiritilib, Konstitutsiya 6 bo‘lim, 27 bob va 155 ta moddadan iborat ekanligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda 9- dekabr Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni, 10-dekabr O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilingan kun to‘g‘risida ma’ruza va ma’lumotlar berib o‘tildi.
Tadbirda, faxriy soqchilar ijrosida jangovor chiqishlar ko‘rsatildi. Konstitutsiyamiz tarixi va shakllanish bosqichlari haqidagi videorolik esa hammaga birdek manzur bo‘ldi.
Bayram dasturiga jamiyatning sexlari o‘rtasida “Biz bir bo‘lsak-yagona kuchmiz, birlashsak-vatanmiz” g‘oyasi ostida o‘tkazilgan “Ma’naviyat bo‘yicha yetakchi sex” ko‘rik-tanlovining taqdirlash marosimi yakun yasadi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati