AMIR TEMUR TAVALLUD TOPGAN KUNINING 689-YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN BAYRAM TADBIRI
Bugun, 9-aprel kuni korxonamizning bayramona bezatilgan majlislar zalida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavallud topgan kunining 689-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
Bayram tadbirini korxona kasaba uyushmasi raisi Ilhom Abduvohidov tadbir qatnashchilariga qaratilgan tabrik so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Temur bobomizning siymosiga yuzlanar ekan, Amir Temurning bosib o‘tgan umr yillariga alohida to‘xtalib, quyidagilarni aytib o‘tdi: “Buyuk vatandoshimiz tarix sahnasiga qaltis davrda chiqdi, lekin shunga qaramasdan millatni birlashtirishga va Vatanni bosqinchilardan ozod qilishga erishdi va markazlashtirilgan buyuk davlatga asos soldi”.
So‘ng, tadbirning badiiy qismidan iborat spektakldan parcha va konsert dasturiga berildi. Marg‘ilon shahar Musiqali maqom teatri ijodiy guruhi tayyorlagan “Amir Temur hayotidan lavhalar” nomli sahna ko‘rinishi va o‘zbek xalq qo‘shiqlaridan iborat konsert barcha tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.
Ayniqsa, Nurullo Tursunov va Bobur Avazbekovlarning aktyorlik mahorati, xonandalar Murodjon Ibroximov, Foziljon Nazarov, Sardor Ibroximov, Guljaxon Yusupova va Shoxida Jo‘rayevalarning, ularga jo‘r bo‘lgan sozandalar Kamoliddin Abduraximov, Doniyor Xakimov, Muzaffar Qoraboyev, Ziyoxiddin Odilov, Xamdamjon Umarov, Rahmatillo Shokirovlarning ijrochilik mahorati, shuningdek raqqosalar Diloromxon Zokirova va Sevara Mirzamatovalarning sho‘x raqslari tomoshabinlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Bayram so‘ngida Jamiyatimizning boshqaruvi raisi Dilshod Mannnov barcha tadbir tashkilotchilariga va ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi hamda kelajakda ulkan zafarlar tiladi.
Yuqori saviyada o‘tgan bayram tadbiri korxona ishchilarida o‘chmas taassurot qoldirdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati