JAMIYATIMIZDA YONG‘IN XAVFSIZLIGIGA BAG‘ISHLANGAN PROFILAKTIK TADBIR O‘TKAZILDI
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 15-sentabridan 15-oktabrigacha mamlakatimizda “Yong‘indan ogohlik” umumxalq kampaniyasi oyligi o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan korxonaning 2-sanoat maydoni Bug‘-qozon sexida profilaktik tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir, joriy yilning 29-sentabr kuni, jamiyatning Sanoat xavfsizligi boshqarmasi, Qutqaruv otryadi hamda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbir davomida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligini ta’minlash, yong‘inlarning oldini olish, is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi, turli xil kimyoviy moddalardan zaharlanish kabi xavfli vaziyatlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, olovli va gazga xavfli ishlarni to‘g‘ri tashkil etish, elektr jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida sex ishchi-xodimlari barcha jarayonlarda faol ishtirok etib, ularga yong‘in xavfsizligi qoidalari yuzasidan ko‘rsatmalar amaliy tarzda namoyish etildi.
Tadbirning ko‘zlangan asosiy maqsadi – korxona ishchi-xodimlarining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini yanada oshirib borishdir.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati