MA’RIFIY TADBIR: KORRUPSIYA VA DINIY EKSTREMIZMGA QARSHI KURASH MAVZUSIDA DAVRA SUHBATI BO‘LIB O‘TDI
Joriy yilning 24-iyul kuni korxonaning Xlorat-magniy defolianti sexida korrupsiya va diniy ekstremizmga qarshi kurashishga bag‘ishlangan navbatdagi ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir Komplaens nazorati xizmati va Tartib-maxfiy boshqarmasi tashabbusi bilan davra suhbati shaklida o‘tkazildi. Unda mazkur bo‘limlarning mutaxassislari hamda sexning xodimlari faol ishtirok etdilar.
Komplaens nazorati xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov o‘z ma’ruzasida korrupsiyaning zamonaviy shakllari, ularning iqtisodiy va institutsional xavflari, shuningdek, korporativ muhitda halollik tamoyillarini mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar haqida atroflicha tushuncha berdi. Shuningdek, u korrupsiyaga qarshi kurashda ichki nazorat mexanizmlarining o‘rni va xodimlarning shaxsiy javobgarligiga urg‘u qaratdi.
So‘ngra, Tartib-maxfiy boshqarmasi yetakchi muhandisi Sodiqjon Muxtorov diniy ekstremizm tushunchasi, uning radikalizatsiya bosqichlari va yoshlar ongiga salbiy ta’siri borasida batafsil ma’lumot berdi. U, shuningdek, ekstremistik g‘oyalarning oldini olishda tizimli profilaktik ishlarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Undan keyin, sex rahbari Sayidolim Saidov korxonada olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, xususan, yosh mutaxassislar bilan ishlashdagi samarali yondashuvlar, ijtimoiy barqarorlik va jamoaviy madaniyatni shakllantirishdagi tashabbuslar haqida axborot berdi.
Tadbir davomida qatnashchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan ushbu uchrashuv xodimlarda yuqori darajadagi qiziqish va faollik uyg‘otdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati