Ру O`z En

«DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI KURASH» MAVZUSIDA DAVRA SUHBATI TASHKIL ETILDI

Joriy yilning 21-avgust kuni korxona xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish hamda yot g‘oyalardan asrash va jamiyatda sog‘lom mafkuraviy muhitni mustahkamlash maqsadida «Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash» mavzusida navbatdagi davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirni Jamiyat boshqaruvi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi E’zozxon Abdullayeva olib bordi. U o‘z nutqida mehnat jamoalari o‘rtasida milliylik va ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilishning dolzarbligiga to‘xtalib, ushbu yo‘nalishdagi istiqboldagi rejalar bilan ishtirokchilarni tanishtirdi.

Shuningdek, davra suhbatida so‘zga chiqqan: Komplaens-nazorati xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov, Tartib-maxfiy boshqarmasi yetakchi muhandisi Sodiqjon Muxtorov, Ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Umidaxon Ahunjonova diniy ekstremizmning kelib chiqish omillari, uning inson ongiga ta’siri, axborot xurujlaridan himoyalanish yo‘llari haqida atroflicha ma’lumot berishdi. Ayniqsa, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, ma’naviy immunitetni shakllantirish va yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy barqarorlikni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir xodimlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniyatini yaratdi. Suhbat davomida bildirgan fikr-mulohazalar va savol-javoblar muhokama jarayonini yanada boyitdi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech