KORXONA BOSHLANG‘ICH KASABA UYUSHMASI TASHKILOTINING HISOBOT-SAYLOV KONFERENSIYASI O‘TKAZILDI
Joriy yilning 15-aprel kuni, “Farg‘onaazot” AJ boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov Konferensiyasi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Konferensiyada 80 nafar delegat, jamiyat rahbariyati hamda taklif etilgan tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining rais o‘rinbosari Ibroxim Isoqov, Respublika Kengashining mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Rixsiboyev Shuxratilla, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Lola Ahmedova, mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Tursunali Karimovlar ishtirok etishdi.
Konferensiya boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Umidillo Millabayev raisligida olib borildi va “Farg‘onaazot” AJ kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkilotining 2020-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan 5 yillik faoliyati hamda Taftish komissiyasi hisoboti tinglandi.
O‘qib eshittirilgan hisobot ma’lumotnomalari xususida xodimlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Konferensiya ishi davomida “Farg‘onaazot” AJ kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkilotining 2020-yildan 2025-yilgacha faoliyati «qoniqarli» deb baholandi.
“Farg‘onaazot” AJ kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkiloti kun tartibidagi masalalari yuzasidan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi saylovi “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida Nizom”ga muvofiq muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi.
Qo‘mita raisini saylash bo‘yicha delegatlar tomonidan Abduvohidov Ilhom Rahimovich, Ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Axundjanova Umida Nuraliyevna hamda Jihozlarni markazlashtirilgan ta’mirlash sexi katta ustasi Tursunov Kahramon Mamatovich nomzodlari taklif etildi.
Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra Abduvohidov Ilhom Rahimovich rais etib saylandi va keyingi 5 yil uchun Kasaba uyushma qo‘mitasi hamda Taftish komissiyasi a’zolarining yangi tarkibi hamda yuqori tashkilotlarning konferensiya va qurultoylariga delegatlar ham saylab olindi.
Konferensiya kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar ko‘rib chiqildi. Markaziy boshqaruv apparatining yangi kasaba uyushma qo‘mitasining kelgusidagi ustuvor vazifalari va yo‘nalishlari belgilab olindi.
Konferensiya yakunida korxonaga tashrif buyurgan mehmonlar “Farg‘onaazot” AJ kasaba uyushmasi tashkiloti hisobot-saylov Konferensiyasi Nizom talablari asosida yuqori saviyada o‘tkazilganligini ta’kidlab o‘tishdi.
Shuningdek, Kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120-yilligini munosib o‘tkazish bo‘yicha taklif va fikrlar bildirib o‘tildi, yangi saylangan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tarkibiga samimiy tilaklar bildirildi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati