“GIYOHVANDLIKKA QARSHI BIRGALIKDA MUROSASIZ KURASH” MAVZUSIDA KENG QAMROVLI PROFILAKTIK TADBIR O‘TKAZILDI
Bugun jamiyatning Faollar zalida “Giyohvandlikka qarshi birgalikda murosasiz kurash” mavzusida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy profilaktik tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir korxona xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda zararli odatlarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida o‘tkazildi.
Tadbirda Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ilhom Abduvoxidov, Farg‘ona viloyati hokimligi huzuridagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar yo‘nalishi rahbari Yusufjon Kamolov, Farg‘ona viloyati narkologiya dispanseri vrach Axmadjon Zuxriddinov, Yoshlar ittifoqi yetakchisi Nurmurod Sirojov, shuningdek korxona ishchi-xodimlari, bosh mutaxassislar hamda videoaloqa orqali barcha tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari ishtirok etdi. Zamonaviy kommunikatsion texnologiyalar orqali tashkil etilgan ushbu format tadbir qamrovini kengaytirib, barcha xodimlarning faol ishtirokini ta’minladi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Yusufjon Kamolov korxona rahbariyati tomonidan bunday dolzarb ijtimoiy masalaga tizimli yondashuv asosida e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlab, korxona boshqaruv raisi G‘ulomjon Solievga Farg‘ona viloyati hokimligi nomidan minnatdorlik bildirdi. U o‘z nutqida giyohvandlikka qarshi kurashish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan aholining, ayniqsa yoshlarning ongida sog‘lom turmush tarziga oid barqaror ijtimoiy immunitetni shakllantirish, psixotrop moddalar va giyohvandlik vositalarining salbiy oqibatlari bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, hayotiy hikoyalar asosida olib borilgan tahlillar orqali giyohvandlikning ijtimoiy, tibbiy va psixologik oqibatlari atroflicha yoritib berildi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar giyohvandlik illatiga qarshi kurashish har bir fuqaroning ijtimoiy mas’uliyati ekanini, bu borada tizimli profilaktika, uzluksiz targ‘ibot va hamkorlik mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini alohida qayd etdilar.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati