KORXONA XOTIN-QIZLARI UCHUN PSIXOLOGIK-SEMINAR TRENING O‘TKAZILDI
Joriy yilning 24-iyul kuni jamiyatimiz xodim ayollar uchun “Maftunkor ayol psixologiyasi” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv korxona xotin-qizlarining emotsional intellektini rivojlantirish, psixologik barqarorlikni oshirish hamda ijtimoiy faollikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Boshqaruv raisining maslahatchisi E’zoza Abdullayeva hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassis Umida Axundjanova so‘zga chiqib, bugungi kunda korxona taraqqiyotida ayollarning tutgan o‘rni, ularning liderlik salohiyati, shaxsiy rivojlanish va muvozanatli psixologik holatning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Keyingi bosqichda so‘z tajribali amaliyotchi, psixologiya fanlari doktori Nargiza Ergashevaga berildi. U tomonidan interaktiv testlar, psixodiagnostika mashqlari va shaxsiy refleksiyaga yo‘naltirilgan topshiriqlar o‘tkazildi. Bu uslublar ayollar o‘zlarining ichki resurslarini aniqlash, o‘z-o‘zini anglash va ichki muvozanatni saqlashda muhim vosita bo‘ldi.
Trening davomida vizual prezentatsiyalar orqali oilaviy hayotdagi murakkab ijtimoiy-psixologik holatlar, xususan, ayollarga nisbatan turli shakllardagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yoritilib, ularga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari tushuntirildi. Ishtirokchilar hayotiy vaziyatlarda effektiv kommunikatsiya, emosional nazorat, stress menejment va konfliktologiya bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘lishdi.
Seminar yakunida qatnashchilar mazkur tadbirni motivatsion va amaliy jihatdan foydali deb baholab, o‘zlarining fikr va taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati