“HAR KUNING NAVRO‘ZDEK BO‘LSIN, JONAJON O‘ZBEKISTONIM”!
Mazkur shior ostida “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlari uchun O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi Farg‘ona viloyati bo‘linmasida katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Kirib kelayotgan “Navro‘z” bayramiga jamiyati ma’muriyati ulkan tayyorgarliklar hozirladilar. Erta tongdan, korxona xodimlari uchun Sumalak sayli boshlab yuborilgan bo‘lsa, tushlikdan so‘ng xodimlar bayram kechasiga otlandilar. Kechani boshqaruv raisi Dilshod Mannonov o‘zining bayram tabrigi bilan ochib berdi. Dilshod Erkinovich barcha hamkasblarga bayram arafasida ulkan yutuqlar, sog‘liq va oilaviy totuvlik tiladi.
Tadbirda filarmoniyaning jajji qizchalari ishtirokidagi “Sumalak” kompozitsiyasi barchaga birdek ma’qul bo‘ldi. Raqs ansambllarining o‘yinlari esa bahoriy kayfiyat ulashdi. Kechada respublikamizda xizmat ko‘rsatgan qo‘shiqchilar Zarnigor Umarova, G‘iyos Mavlonov, Zuhriddin Yo‘ldoshyev hamda Nargiza Mahmudovalarning kuylari yangradi.
Shu o‘rinda, xalq artisti, qiziqchi, hajviya ustasi Abdurahmon Siddiqovning hazil-mutoyibalari tomoshabinlarga manzur bo‘ldi. “A’lo kayfiyat” QVZ guruhi chiqishlari barchaga bayramona ruh bag‘ishladi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati