Ру O`z En

SERQUYOSH HUR O‘LKAM ELGA BAXT, NAJOT!

Bugun barcha yurtimiz ahli bilan birgalikda mustaqilligimiz, hurligimizni madh etgan, yurtimiz uzra jarang sochayotgan madhiyamizning 29 yilligini nishonlamoqdamiz. Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat  madhiyasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan  ozodligimiz, g‘ururimiz timsoli bo‘lgan madhiyamiz to‘g‘risida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

   Darhaqiqat, davlatimiz madhiyasi, mamlakat suverenitetini ifodalovchi muqaddas timsoldir. U xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, har birimizga faxru iftixor bag‘ishlashi bilan birga, ma’naviyatimizning eng muhim timsolidir. Shu bois madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg‘usini his etamiz.

  “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida davlatimiz madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” shiori ostida katta tadbir dasturi tashkil etildi. Mazkur kechada madhiyamizning asoschilari O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripov, O‘zbekiston xalq artisti, bastakor Mutal Burxonovlar hamda madhiyamizning yaratilish tarixi haqida so‘zlar aytilib, iliq xotiralar yodga olindi. Shuningdek, shoir Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab, korxonamiz faol yoshlari tomonidan shoirning vatan haqidagi ikki buyuk she’rlari tadbir ishtirokchilariga o‘qib eshittirildi. Mavzuga oid videoroliklar taqdim etildi. Tadbir korxonamiz jamoat tashkilotlari tomonidan tashkillandi va yuqori saviyada o‘tkazildi.

  Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, navqiron avlodning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda, albatta. Mustaqil Vatanimiz madhiyasining maqsad-muddaosi murg‘aq jondagi shaxsni uyg‘otish, yuksak ijtimoiy murod-maqsadlar mezonlariga muvofiq ravishda kamol toptirishdan iboratdir. Shunday ekan, qalblarni g‘urur va iftixorga to‘ldiruvchi madhiyamiz sadolari olam uzra yangrayversin!

 

  “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech