Ру O`z En

“INDORAMA” KOMPANIYASI TASHKIL ETILGANINING 50 YILLIGI KENG NISHONLANDI

Farg‘ona shahridagi “Wine Garden” tantanalar majmuasida xalqaro “Indorama” kompaniyasining 50 yillik faoliyati munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli marosimda korxona rahbariyati, faxriy mehmonlar, xodimlar hamda investorlar ishtirok etishdi.

Bayram kechasini Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ochib berdi. U o‘z tabrik so‘zida “Indorama” jamoasining xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarini, iqtisodiyotning kimyo va to‘qimachilik tarmoqlarida erishgan natijalarini alohida e’tirof etib, barcha xodimlarni hamda xorijiy investorlarni yubiley bilan samimiy tabrikladi.

So‘ng, jamiyat raisi G‘ulomjon G‘ofurjonovich o‘z chiqishida “Indorama” kompaniyasining so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarini alohida ta’kidlab o‘tdi va barcha xodimlarga kelgusidagi faoliyatida yangidan-yangi yutuqlar, yuqori marralar va xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbirda “Indorama Corporation Pte Ltd” boshqaruv a’zosi Dilshod Mannonov ham so‘zga chiqib, kompaniya jamoasining fidokorona mehnatini yuqori baholab, O‘zbekistondagi sanoat salohiyatini oshirish yo‘lida qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Kechada professional raqqosalar jamoasi o‘zining rang-barang chiqishlari bilan mehmonlarga quvonch va yaxshi kayfiyat ulashdi. Shuningdek, taniqli xonanda va sozandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tantanaga yanada bayramona ruh bag‘ishlab, ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech