Ру O`z En

XLORAT-MAGNIY DEFOLIANTI SEXI YOSHLARI BILAN SEMINAR O‘TKAZILDI

Joriy yilning 21- fevral kuni o‘tkazilgan uchrashuvda boshqaruv raisi maslahatchisi E. Abdullayeva, boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi N. Sirojov va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassisi U. Ahunjanovalar ishtirok etishdi.

Uchrashuv xlorat-magniy defolianti sexi boshlig‘i S. Siddiqovning kirish so‘zi bilan boshlandi. U o‘z nutqida sexning ishlab chiqarish faoliyati, yoshlar bilan ishlash sohasidagi yutuqlar va xodimlar mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘zladi. U sexda amalga oshirilgan jiddiy o‘zgarishlarni, xususan, maishiy xonalarni, ma’naviyat va ma’rifat xonasini ta’mirlanishi va majlislar zalini tashkil etilishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, sex ishchi-xodimlari sport bilan shug‘ullanishi uchun Kasaba uyushmasi qo‘mitasi yordami bilan sexga sport anjomlari bilan ta’minlanganligi, voleybol va stol tennisi uchun barcha sharoitlar yaratilganligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Uchrashuv mehmonlari ma’naviyat- ma’rifat, shuningdek, yoshlar va ayollarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qildilar. Yoshlarning taklif va masalalarini tingladilar.

Tadbir yakunida sex yoshlari boshlang‘ich tashkiloti sardori va sport bo‘yicha yordamchi saylandi.

Ta’kidlash lozimki, yaratilgan qulay mehnat sharoitlari va yoshlar bilan faol ishlash o‘z samarasini bermoqda. Sex xodimlari korxonada tashkil etilayotgan sport musobaqalari va tanlovlarida faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallashmoqda! Bu esa o‘z navbatida korxonaning muvaffaqiyatli rivojlanishi garovi ekanining yaqqol tasdig‘idir. Shubhasiz, kelajakda Xlorat-magniy defolianti sexi yoshlari yanada katta yutuqlarga erishadi!

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech