JAMIYATIMIZDA “TOZA HAVO OYLIGI” O‘TKAZILMOQDA!
Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda “Toza havo oyligi” o‘tkazilmoqda. “Toza havo oyligi” doirasida korxonamizda ham bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning 10 avgustdan – 10 sentabrga qadar, mazkur tadbirning ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda.
Tadbir mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi, atrof muhit muhofazasi va xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi boshqarmasi, Avtotransport sexi va Sanitar laboratoriya xodimlari hamkorligida tashkil etildi.
Korxonada o‘tkazilgan “Toza havo oyligi” tadbirida korxonadagi 3 – ta “NEFAZ” rusumli avtobuslarini mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi va o‘z yakuniga yetkazildi.
Natijada avtobuslarda chiqayotgan zararli gazlar miqdori kamaytirishga erishildi. “Toza havo oyligi”ni targ‘ibot-tashviqot qilish maqsadida korxonadagi avtotransport vositalariga bannerlar joylashtirildi. Sanitariya laboratoriya xodimlari tomonidan Avtotransport sexida atmosfera havosidan laboratoriya-tahlillari olindi.
Shu jumladan, Avtotransport sexida davra suhbati o‘tkazilib, “Toza havo oyligi”da haydovchilarga faol ishtirok etishlari va avtotransport vositalarini soz holda ishlashini ta’minlash, shuningdek, muntazam ravishda tekshiruvdan o‘tkazib turish to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuni aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilishi holatlarini oldini olish, avtotransport vositalaridan atmosfera havosiga tashlanayotgan “is” gazlari va zararli tutun miqdorlarini nazorat qilish, aholi orasida keng qamrovli profilaktika ishlarini olib borish va o‘zimiz yashab turgan zaminda atmosfera havosini doimo musaffoligini saqlash barchamizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz zarur.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati