KORXONADA “DOLZARB 30 KUN” DOIRASIDA YONG‘IN XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHGA QARATILGAN TADBIR O‘TKAZILDI
Mazkur tadbir jamiyatning Sanoat xavfsizligi boshqarmasi, Qutqaruv otryadi, DSDS va FVB OYXTTEB xodimlari hamkorligida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in profilaktikasini kuchaytirish hamda avariyalarni bartaraf etish rejaga asosan o‘tkazildi.
Mashg‘ulot davomida “Xlorat magniy defolianti” sexining 523-binodagi kislota saqlash ombori — E-3 qurilmasidan ishlab chiqarish binosiga kislota uzatuvchi quvurda yoriq paydo bo‘lib, natijada ko‘p miqdorda xlorid kislotasi sizib chiqishi bilan bog‘liq shartli avariya ssenariysi asosida amaliy harakatlar bajarildi.
Shartli avariya vaqtida jabrlangan xodimlarga tezkor xizmatlar — qutqaruv otryadi, yong‘in-qutqaruv xizmati, tibbiy yordam va idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati jalb qilindi. Zararlangan hudud qurshab olindi, odamlar xavfli zonadan olib chiqildi.
Shuningdek, ishchi-xodimlarga yong‘inlar, is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi kabi holatlarda qanday harakat qilish, yong‘in va gazga xavfli ishlarni xavfsiz olib borish bo‘yicha profilaktik davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir davomida barcha amaliy mashqlar bevosita ishchi-xodimlar ishtirokida ko‘rsatib berildi. Ushbu tadbirlarning asosiy maqsadi — korxona xodimlarining favqulodda vaziyatlardagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishdir.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati