Ру O`z En

“DOLZARB 30 KUN” DOIRASIDA YONG‘IN XAVFSIZLIGI BO‘YICHA TUNGI O‘QUV-AMALIY MASHG‘ULOT O‘TKAZILDI

Joriy yilning 20-maydan 20-iyunga qadar yurtimizda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Dolzarb 30 kun” tadbirlari doirasida jamiyatimizda keng qamrovli tungi o‘quv-amaliy taktik mashg‘ulot tashkil etildi.

Mazkur tadbir korxonaning Sanoat xavfsizligi boshqarmasi, Qutqaruv otryadi, DSDS, FVB OYXTTEB xodimlari hamkorligida o‘tkazildi.
Mashg‘ulotning asosiy maqsadi – xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligini mustahkamlash, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni oshirish, fuqarolarni muhofaza qilish va yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulot ssenariysi bo‘yicha jamiyatning 1-sanoat maydonidagi ombor xo‘jaligi kompleksi (156-binoda) yong‘in bilan bog‘liq shartli avariya yuz berdi. Shartli avariya natijasida jabrlangan ishchilarni evakuatsiya qilish, avariya oqibatlarini bartaraf etish va inson hayoti uchun xavf tug‘diruvchi zararli moddalar tarqalgan hududni izolyatsiya qilish amaliyotlari amalga oshirildi.

Tezkor xizmatlar – Qutqaruv otryadi, yong‘in-qutqaruv qismi, tibbiy xizmat va harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘limlari jalb qilinib, zararlangan hududdan odamlarni xavfsiz joyga ko‘chirish, shartli yong‘inni o‘chirish hamda avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha harakatlar bajarildi.

Bunday mashg‘ulotlar real vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlikni sinovdan o‘tkazish va xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech