MOCHEVINA ISHLAB CHIQARISH SEXIDA PROFILAKTIK TADBIR O‘TKAZILDI
Yurtimizda 20-noyabrdan 20-dekabrgacha “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi hamda 1-dekabrdan 30-dekabr kuniga qadar “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida ishlab chiqarish obyektlarida mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbuslar doirasida Jamiyatning Tartib-maxfiy boshqarmasi, Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash departamenti alohida batalyoni hamda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi huzuridagi obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘limi mutaxassislari hamkorligida Mochevina ishlab chiqarish sexida navbatdagi profilaktik tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan sex ishchi-xodimlariga xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligini ta’minlashning normativ-huquqiy asoslari, texnogen favqulodda vaziyatlarning oldini olish mexanizmlari yuzasidan keng qamrovli tushuntirishlar berildi. Xususan, yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik choralar, is gazidan zaharlanish xavflari va ularning oldini olish usullari, gaz-havo aralashmasining chaqnashi ehtimoli hamda oqibatlari, shuningdek, kimyoviy moddalardan zaharlanishning oldini olishga doir sanitariya-gigiyena va mehnat gigiyenasi talablari atroflicha yoritildi.
Shuningdek, olovli va gazga xavfli ishlarni tashkil etishda texnika xavfsizligi reglamentlari, shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish algoritmlari hamda evakuatsiya qoidalari bo‘yicha amaliy va nazariy tavsiyalar berildi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati