KORXONANING SODA SEXIDA YONG‘IN XAVFSIZLIGIGA BAG‘ISHLANGAN PROFILAKTIK TADBIR O‘TKAZILDI
O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab har chorshanba kuni «Favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar profilaktikasi kuni» sifatida belgilangan bo‘lib, ushbu tashabbus doirasida aholi, ishlab chiqarish korxonalari va ta’lim muassasalarida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, yong‘inlarning oldini olish hamda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish bo‘yicha muntazam profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tashabbusga muvofiq, joriy yilning 28-avgust kuni korxonaning Soda sexida yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar profilaktikasiga bag‘ishlangan keng qamrovli tadbir tashkil etildi.
Tadbirda korxonaning Sanoat xavfsizligi boshqarmasi, Qutqaruv otryadi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining Obyektda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘limi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida: yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan texnologik jarayonlarda xavfsizlik qoidalariga rioya etish, olovli va gazga xavfli ishlarni tashkil etish tartibi, zaharlanish, chaqnash va portlash kabi xavfli holatlarning oldini olish mexanizmlari, favqulodda vaziyatlarda xodimlarning tezkor harakatlari bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirda korxonaning I-sanoat maydonida joylashgan Soda, Xlorat magniy defolianti, Sanitar laboratoriya va Ta’mirlash-qurilish sexlari ishchi-xodimlari faol ishtirok etdi. Jarayonlar davra suhbati va amaliy mashg‘ulotlar shaklida tashkil etilib, xodimlar favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha bevosita ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Tadbirning ko‘zlangan asosiy maqsad – xodimlarning bilim va malakasini oshirish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini yuksaltirish, mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi madaniyatini mustahkamlashdir.
“Farg‘onaazot”AJ Matbuot xizmati