TASHQI SUV TA’MINOTI SEXIDA EKSTREMIZMGA QARSHI KURASH MAVZUSIDA SEMINAR O‘TKAZILDI
Jamiyatning tashqi suv ta’minoti sexida diniy ekstremizmning oldini olish hamda jamoada ma’naviy-axloqiy barqarorlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar doirasida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Korxona ma’muriyati va komplaens-nazorat xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur tashabbus korxonaning barcha tarkibiy bo‘linmalarini qamrab olgan. Uning asosiy maqsadi – xodimlarda huquqiy va ma’naviy barqaror nuqtai nazarni shakllantirish, jamiyat va mehnat jamoalari xavfsizligiga tahdid soluvchi radikal g‘oyalarga qarshi immunitet hosil qilishdir.
Bugungi kungi davra suhbati shaklida tashkil etilgan uchrashuvda tashqi suv ta’minoti sexi xodimlari ishtirok etdilar. Seminarni korxona boshqaruv raisi maslahatchisi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi E’zozxon Abdullayeva ochib berdi. U o‘z nutqida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ma’naviy immunitet tinch va hamjihat jamiyat poydevori ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida komplaens-nazorat xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov hamda Tartib-maxfiy boshqarmasining yetakchi muhandisi Sodiqjon Muxtorov mazmunli ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi. Ular ekstremistik g‘oyalarning tarqalish mexanizmlari, ongga ta’sir o‘tkazish usullari, shuningdek, diniy bilimlarni ishonchli manbalardan olishning muhimligini atroflicha yoritib berishdi.
Seminar samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Qatnashchilar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi.
Bunday uchrashuvlar xodimlarning huquqiy madaniyatini mustahkamlash, turli tahdidlarning oldini olish, shuningdek, ichki xavfsizlikni ta’minlash va destruktiv ta’sirlarga qarshi tura oladigan ahil, ongli jamoani shakllantirishga xizmat qiladi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati